MK 161-moddasi ikkinchi qismining 6-bandiga koʻra ish beruvchi tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilishning Kodeks va boshqa qonunlarda belgilangan oʻzga sabablari (asoslari) nazarda tutilishi mumkin. Bunda sudlar mehnat shartnomasini MK 161-modda ikkinchi qismining 1-5-bandlarida koʻrsatilgan asoslardan tashqari qonunlarda, shuningdek, MKning boshqa moddalarida ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishning oʻzga asoslari ham belgilaganligiga eʼtibor qaratishi lozim. Mehnat shartnomasini oʻrindoshlik asosida ishlovchi xodim bilan (MKning 441-moddasi), tashkilot mulkdori almashganda tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida boʻlinmasi rahbari bilan (MK 489-moddasi birinchi qismining 1-bandi) ish beruvchi tashabbusiga koʻra bekor qilish shunday asoslardan hisoblanadi.