Xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi MK 168-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan bekor qilinadi. Sudlar mehnat shartnomasini ushbu asos bilan bekor qilinishi qonuniyligi masalasini muhokama qilishda “Umumharbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonun normalariga ham alohida eʼtibor qaratishlari lozim. MKning 102-moddasiga koʻra, harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan), lekin keyinchalik zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqarilgan xodim, agar u harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) kundan eʼtiboran uch oy oʻtmagan boʻlsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytish huquqiga ega. Ushbu asos boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilinishi qonuniyligi masalasini muhokama qilishda, sudlar xodimni harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganini tasdiqlovchi hujjat (chaqiruv komissiyasining maʼlumotnomasi va boshqa hujjatlar) taqdim qilinganligi va ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanganligini tekshirishlari lozim.