Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 61-band. Mehnat shartnomasi MK 155-moddasi ikkinchi qismining 11-bandi asosida bekor qilingan…

Mehnat shartnomasi MK 155-moddasi ikkinchi qismining 11-bandi asosida bekor qilingan shaxslarni ishga tiklash haqidagi nizolarni koʻrishda sudlar xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida qonunda belgilanmagan qoʻshimcha asoslari qayd etilishi mumkin emasligini nazarda tutishlari kerak. Agar bunday shart mehnat shartnomasiga kiritilgan boʻlsa, u MKning 17-moddasiga binoan haqiqiy emas deb topiladi. Ushbu holatda xodim bilan mehnat shartnomasini MK 155-moddasi ikkinchi qismining 11-bandiga asosan bekor qilish gʻayriqonuniy hisoblanadi. Ushbu asos boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilinishining qonuniyligini tekshirishda sudlar quyidagilarni eʼtiborga olishlari kerak: shartnomada koʻrsatilgan alohida turdagi xodimlar bilan boʻlgan mehnat shartnomasining qoʻshimcha asoslar boʻyicha bekor qilinish shartlari MK 155-moddasi ikkinchi qismining 11-bandiga binoan faqat qonunda belgilangan holda kiritilishi mumkinligini; xodim mehnat munosabatlari mehnat shartnomasida koʻrsatilgan asoslarga koʻra bekor qilinishiga qonun yoʻl qoʻyadigan xodimlar toifasiga kirishi aniqlansa, sud shartnomada ushbu asoslar koʻrsatilgani va mehnat munosabatlari shartnomaga koʻra bekor qilinishi mumkin boʻlgan holatlar haqiqatda ham yuzaga kelganini aniqlashi lozim. Sudlarning eʼtibori ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari MKning VI boʻlimida belgilanganligiga qaratilsin.