Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qatʼi nazar, ishga tiklash toʻgʻrisidagi mehnat nizolari bevosita sudda koʻrib chiqiladi. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqish haqidagi daʼvo bilan sudga xodim yoki kasaba uyushmasi qoʻmitasi, davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari, ish beruvchi, qonunchilikda belgilangan tartibda adliya organlari va prokuror murojaat qilishga haqli (MKning 559-moddasi). Sudlarning eʼtibori MK 540-moddasining uchinchi qismi hamda “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasiga muvofiq, kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari xodimlarning manfaatida mehnat huquqlarini himoya qilib, sudga murojaat qilishga haqli ekanligiga qaratilsin. Ishga tiklash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha daʼvo ariza xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrugʻining koʻchirma nusxasi topshirilgan kundan eʼtiboran uch oy muddatda beriladi (MKning 560-moddasi). MKning 560-moddasida belgilangan muddat kasaba uyushmasi qoʻmitasi, davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari, adliya organlari va prokuror xodimning manfaatini koʻzlab, taqdim qilgan daʼvolarga nisbatan ham tatbiq qilinadi. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqish boʻyicha sudga murojaat etish muddatining oʻtishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida koʻrib chiqish davrida toʻxtatib turiladi.