Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 14-band. Nikohdan ajratishga doir ishlar boʻyicha qonuniy va asosli hal qiluv qarori qabul…

Nikohdan ajratishga doir ishlar boʻyicha qonuniy va asosli hal qiluv qarori qabul qilinishi uchun sud ishning haqiqiy holatlarini har taraflama, toʻliq va xolisona tekshirib chiqishi, jumladan, er-xotin oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar xususiyatini, nikohdan ajratish masalasi qoʻyilishiga asos boʻlgan sabablar, er-xotin oʻrtasidagi kelishmovchilikning asl sabablarini aniqlashi shart. Shu maqsadlarda, sud ishni ikkala taraf ishtirokida koʻrishi lozim. Daʼvogar va javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, kelmaslik sabablari uzrli yoki uzrsizligidan qatʼiy nazar, sud ishni koʻrishni keyinga qoldiradi. Daʼvogar va javobgar sud majlisiga ikkinchi chaqiruv boʻyicha uzrsiz sabablarga koʻra kelmagan taqdirda, sud arizani koʻrmasdan qoldirishga haqli. Faqat daʼvogar ikkinchi chaqiruv boʻyicha uzrsiz sabablarga koʻra kelmagan taqdirda, sud javobgarning roziligi bilan arizani koʻrmasdan qoldirishga haqli (FPK 221-moddasi ). Er-xotindan biri doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga koʻchib ketgan va uning sud majlisiga kelish imkoniyati boʻlmagan hollarda, sud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari normalariga muvofiq taraflarni xabardor qilish choralarini koʻradi.