Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 6-band. Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini qabul qilishda shuni inobatga olish…

Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini qabul qilishda shuni inobatga olish lozimki, Oila kodeksining 39-moddasiga muvofiq er xotinining roziligisiz uning homiladorligi vaqtida va bola tugʻilganidan soʻng bir yil mobaynida nikohdan ajratish toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatishga, garchi u tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftarida bolaning otasi sifatida yozilmagan boʻlsa ham, haqli emas. Mazkur qoida bola oʻlik tugʻilgan yoki bir yoshga toʻlmay vafot etgan hollarga ham tatbiq etiladi. Xotinning nikohdan ajratish toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatishga roziligi boʻlmagan hollarda, sudya daʼvo arizasini qabul qilishni rad etadi, agar u qabul qilingan boʻlsa, sud FPK 122-moddasining 8-bandiga asosan arizani koʻrmasdan qoldiradi. Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ariza xotinning roziligi bilan qoʻzgʻatilgan ishni sud majlisida koʻrish vaqtida u nikohdan ajratishga eʼtiroz bildirganda, shuningdek javobgarning homiladorligi va uning nikohdan ajratishga roziligi yoʻqligi ishni apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasida koʻrish vaqtida maʼlum boʻlganda koʻrmasdan qoldirilishi lozim. Nikohdan ajratish haqidagi daʼvo arizasining koʻrmasdan qoldirilishi, agar Oila kodeksining 39-moddasida koʻrsatilgan holatlar barham topgan boʻlsa, takroriy ravishda sudga nikohdan ajratish haqida daʼvo arizasi bilan murojaat qilishga toʻsqinlik qilmaydi. Shuni nazarda tutish lozimki, Oila kodeksining 39-moddasida koʻrsatilgan holatlar mavjudligi nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi daʼvo xotin tomonidan qoʻzgʻatilishiga toʻsqinlik qilmaydi.