Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining (bundan buyon matnda Konstitutsiya deb yuritiladi) 13-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Sudlar Konstitutsiyaning 26 , 27 va 31-moddalari , Fuqarolik kodeksining (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 99 va 100-moddalari , Oʻzbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunining (bundan buyon matnda “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonun deb yuritiladi) 6 va 34-moddalari va boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlangan huquqlar buzilishi bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek, notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishi, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab qilish huquqi (unutilish huquqi) va boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarini himoya qilishga haqli ekanligidan kelib chiqishlari lozim.