Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti haqida 17-band. Fuqaro FKning 100-moddasiga muvofiq, oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik…

Fuqaro FKning 100-moddasiga muvofiq, oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan, basharti bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, sud yoʻli bilan raddiya talab qilishga haqli. Bu qoida yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsini himoya etishga nisbatan ham tatbiq etiladi. Fuqaroning yoki yuridik shaxsning qonun normalarini buzganligi, shaxsiy, ijtimoiy yoki siyosiy hayotda notoʻgʻri xatti-harakatlar sodir etganligi, ishlab chiqarish-xoʻjalik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda vijdonsizlik qilganligi, ishchanlik etikasi yoki ish muomalasi odatlarini buzganligi haqida notoʻgʻri tarqatilgan maʼlumotlar, shuningdek, fuqaroning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki fuqaroning yoxud yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan maʼlumotlar obroʻsizlantiruvchi maʼlumotlar hisoblanadi. Shaxs yoki shaxslar guruhining qadr-qimmatini jins, irq, millat, til, din, eʼtiqod, sogʻligʻi holati yoki boshqa belgilari boʻyicha kamsitadigan fikrlar yoki bayonotlar kamsituvchi maʼlumotlar boʻlib, ular shaxsiy nomulkiy huquqlarning buzilishi sifatida huquqiy baholanishi lozim.