FK 1021-moddasining ikkinchi qismiga binoan agar zarar qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa, maʼnaviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qatʼi nazar, qoplanishi lozim. Sud maʼnaviy zararning miqdorini belgilashda FKning 1022-moddasi talablari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000-yil 28-apreldagi “Maʼnaviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 7-sonli qarori tushuntirishlaridan kelib chiqqan holda, fuqaroning shaʼni, qadr-qimmatini kamsitgan, obroʻsizlantirgan materialning mazmuni va mohiyati, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatgan ommaviy axborot vositasi yoki muayyan shaxsning ayb darajasi, auditoriyaning oz-koʻpligi, daʼvogarning jamiyatda tutgan oʻrni, erkin fikr bildirish muvozanatining buzilganligi va boshqa eʼtiborga molik holatlarni hisobga olishi lozim. Bunda, moddiy zarar va maʼnaviy ziyon uchun tovon summasi daʼvogar koʻrsatgan boshqa shaxslar foydasiga emas, balki bevosita daʼvogar foydasiga undirilishi lozimligini inobatga olish kerak.