Ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan baholovchi fikr yoki mulohaza oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlariga taʼsir qiladi deb hisoblagan shaxs FK 100-moddasining oltinchi qismi va “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 34-moddasiga koʻra, oʻziga berilgan javob, sharh, luqma huquqidan foydalanib, oʻsha ommaviy axborot vositasida tarqatilgan fikrlarning asossizligini isbotlash uchun ularni boshqacha baholashni talab qilishi mumkin. Agar subyektiv fikr daʼvogarning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsini kamsituvchi shaklda ifodalangan boʻlsa, u shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlarini himoya qilishga hamda haqorat qilish natijasida yetkazilgan maʼnaviy zararni qoplashni talab qilishga haqli.