Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti haqida 6-band. Sudlarga tushuntirilsinki, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunning…

Sudlarga tushuntirilsinki, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 34-moddasi va “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 12¹-moddasiga koʻra, ommaviy axborot vositalarida, veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda, bloglarda va boshqa axborot internet-resurslarida bunday maʼlumotlar eʼlon qilinishi natijasida shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa nomoddiy neʼmatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar bunday huquqlarini himoya qilishga, shu jumladan raddiya eʼlon qilish yoki tegishli tartibda javob qaytarishni talab etishga haqli. Gazeta, teleradio, video, kinoxronika dasturlari va ommaviy axborotni tarqatishning boshqa elektron shakllari tahririyati tomonidan olingan raddiya yoki javob aynan oʻsha dastur yoki turkumda, kelgan kunidan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay, boshqa davriy nashrlarda esa navbatdagi sonda eʼlon qilinadi. Ommaviy joylashtirilgan axborotni oʻz ichiga olgan internet-resurslar (veb-saytlar, sayt sahifalari, bloglar, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar va boshqa raqamli platformalar)ning egalari notoʻgʻri maʼlumotlarni darhol oʻchirib tashlashi hamda dastlabki axborot joylashtirilgan joyda va shaklda raddiya yoki javob joylashtirilishini taʼminlashi shart. Ommaviy axborot vositasi raddiyani, javobni eʼlon qilishdan boʻyin tovlasa yoxud ularni eʼlon qilish uchun belgilab qoʻyilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Shaxsning raddiya berish haqida resurs egalariga murojaat qilmaganligi uning bunday talab bilan sudga murojaat qilish huquqini istisno etmaydi.