Oila kodeksining 136-moddasi 4-qismiga koʻra, agar taʼminot uchun mablagʻ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar koʻrilganligi, ammo aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning uni toʻlashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, oʻtgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkinligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin. Aliment toʻlashdan bosh tortish deganda, shaxsning aliment toʻlash majburiyatini aybli ravishda bajarmasligi, xususan aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish haqidagi taklifni rad etish, turar joyini va (yoki) ish joyini yashirish tushunilishi sudlarga koʻrsatib oʻtilsin.