Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 3-band. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning u yoki bu faoliyatini tadbirkorlik deb…

Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning u yoki bu faoliyatini tadbirkorlik deb topish uchun ikkita holat mavjud boʻlishi — daromad topishga qaratilgan harakatlar sistemali ravishda sodir etilishi va bunday faoliyat asosiy, yaʼni kasb faoliyati sifatida amalga oshirilishi shart. Shundan kelib chiqib, bir martalik fuqarolik-huquqiy mazmundagi bitimlar (masalan, uy-joy yoki koʻchmas mulkni ijaraga berish, shaxsiy buyumlarni sotish, pudrat yoki topshiriq shartnomasiga kura, onda-sonda turli mayda ishlarni haq evaziga bajarish, va h. k) tuzadigan shaxslarni, hattoki bunday bitimlar bir necha marta amalga oshirilgan taqdirda ham, tadbirkorlar deb topish va bunday sifatda davlat roʻyxatidan oʻtishni talab qilish mumkin emas. Majburiyatlarni mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida bajarish ham tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi. Qonunchilikka muvofiq kasbiy faoliyat (xususiy amaliyot)ning ayrim turlari ham tadbirkorlik sifatida qaralmaydi. Chunonchi, advokatlar tadbirkor deb tan olinmaydi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.