JK 260 , 261 — 263 , 266, 268, 269-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarning zaruriy belgisi sodir etilgan harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish yoxud jinoyat qonunida koʻrsatilgan boshqa qoidalarning buzilishi bilan kelib chiqqan oqibatlar oʻrtasida sababiy bogʻlanish borligi hisoblanadi. Harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi ham harakat, ham harakatsizlikda ifodalanishi mumkin. Shuni nazarda tutish lozimki, yoʻl harakati qoidalarini buzish transport vositasini boshqarish tartibiga doir belgilangan koʻrsatmalarga rioya etmaslikda (masalan, belgilangan harakatlanish tezligini oshirish, yoʻl belgilariga rioya qilmaslik, harakatlanishning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketish va shu kabilarda) ifodalanadi. Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish esa, transport vositalaridan foydalanish tartibiga doir belgilangan koʻrsatmalarga rioya etmaslikda (masalan, nogabarit yuklarni yoki yoʻlovchilarni bunga moʻljallanmagan transport vositasida tashish, transport vositasi boshqaruvini shu vositani boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxsga topshirish va shu kabilarda) ifodalanadi. Transport vositasi haydovchisining yoʻl harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish natijasida emas, balki yukni ortish yoki tushirishda, transport vositalarini taʼmirlashda, qurilish, yoʻl, qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlarni amalga oshirishi natijasida JK 266-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga sabab boʻlgan harakatlari, yuzaga kelgan oqibatlar va ayb shaklidan kelib chiqqan holda, shaxsga qarshi jinoyatlar yoki ishlarni amalga oshirish qoidalarini buzish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi JK tegishli moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Yoʻl harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish, agar u kelib chiqqan oqibatlar bilan bogʻliq boʻlmasa, ayblovdan chiqarilishi lozim. Bunday hollarda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqiy taʼsir choralari qoʻllaniladi.