Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, yoʻl-transport hodisasi sabablarini tekshirishda yoʻl harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarining qaysi bandlari buzilganligini va ulardan qaysilari JK 266-moddasida nazarda tutilgan oqibatlar bilan sababiy bogʻlanishda boʻlganligini aniqlash zarur. Yoʻl harakati qoidalari ikki yoki undan ortiq yoʻl harakati ishtirokchisi tomonidan buzilgan hollarda, JK 266-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlik faqat transport vositasini boshqarish borasidagi harakatlari mazkur moddada koʻrsatib oʻtilgan oqibatlar bilan sababiy bogʻlanishda boʻlgan haydovchidagina kelib chiqadi. Transport vositasini boshqarish borasidagi harakatlari kelib chiqqan oqibatlar bilan sababiy bogʻlanishda boʻlmagan boshqa haydovchi esa, yoʻl harakati qoidalarini buzganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.