Uy-joy nizolari boʻyicha sud amaliyoti haqida 5-band. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 32-moddasining sakkizinchi qismiga muvofiq, uy…

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 32-moddasining sakkizinchi qismiga muvofiq, uy yoki kvartiraning mulkdori, uning oila aʼzolari, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar va sobiq oila aʼzosi oʻrtasidagi turar joydan foydalanish bilan bogʻliq nizolar (uyga kiritish, uydan koʻchirish, foydalanish tartibini belgilash, uy-joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan deb topish va h.k.) hamda qilingan xarajatlardagi ulush miqdori haqidagi nizolar sud tartibida hal etiladi. Bunda sud, mulkdorning oila aʼzolari va u bilan birga yashayotgan fuqarolar turar joydan teng foydalanish huquqiga ega ekanligini inobatga olib, sarf qilingan xarajatlardagi ulush miqdorini uyda yashayotgan barcha shaxslarni inobatga olgan holda belgilashi mumkin. Sud turar joyga majburiy tartibda kiritish haqidagi nizolarni hal etishda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega boʻlgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqi toʻlash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklashda taraflarning kelishuvga erishganligiga alohida eʼtibor qaratishi lozim. Bunday kelishuvga erishilganligi taraflar oʻrtasida tuzilgan yozma kelishuv bitimi yoki mulkdor va kiritilayotgan shaxsning yozma arizalari bilan tasdiqlanadi. Kelishuvga qanday usulda erishilganligiga qarab sud ishni kelishuv bitimini tasdiqlab, ish yuritishni tugatadi yoxud hal qiluv qarori qabul qiladi. Turar joyning mutanosib sharoitlarga ega ekanligi fuqaroning normal turmush kechirishi uchun yetarli boʻlgan shart-sharoitlar (kommunal tarmoqlarga ulangan, sanitariya va gigiyena talablariga javob beradigan va h.k) mavjudligi bilan baholanadi. Sud ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqi toʻlash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklash masalasini hal etishda ijara shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 539 va 574-moddalari talablariga muvofiq tuzilganligi va tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi yoxud soliq organida hisobga qoʻyilganligini tekshirishi lozim.