Uy-joy nizolari boʻyicha sud amaliyoti haqida 7-band. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 107-moddasi talabiga muvofiq turar-joyning…

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 107-moddasi talabiga muvofiq turar-joyning mulkdori va uning voyaga yetgan oila aʼzolari, ijaraga oluvchi va uning voyaga yetgan oila aʼzolari, hamda u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosi va pay jamgʻarmasining qismiga huquqi boʻlgan uning oila aʼzolari oʻrtasida turar-joyni almashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishilmagan boʻlsa, ulardan har biri egallab turgan joyini turli uylar, kvartiralardagi turar-joylarga majburan almashtirishni sud tartibida talab qilishga haqlidirlar. Turar-joylarni almashtirishni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha ishlarni koʻrishda almashtirilayotgan turar-joylarda yashayotgan voyaga yetgan barcha shaxslarning ishga tegishliligicha jalb qilinib, almashtirish tartib qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilganligini, turar-joyni almashtirishga monelik qiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 109-moddasida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan-boʻlmaganligini, almashtirishni rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 112-moddasi talabi asosida amalga oshirilganligini har tomonlama tekshirishlari lozim. Koʻrsatilgan qoidalarga rioya qilmaganlik almashtirish shartnomasini haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻlishi mumkin. Sudlarga tushuntirilsinki, turar-joylarni almashtirish haqiqiy emas deb topilganda, taraflarga ilgari egallab kelgan turar-joylariga koʻchib oʻtish majburiyati yuklatilishi zarur. Turar-joylarni almashtirishni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talab almashtirish amalga oshirilgan kundan boshlab olti oy mobaynida qoʻyilishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 114-moddasi).