Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, valyuta qimmatliklari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining Maxsus qismi sakkizinchi boʻlimida belgilangan boʻlib, uni kengaytirilgan holda talqin etish mumkin emas. Bunday qimmatliklarga quyidagilar kiradi: chet el valyutasi; chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar — fond boyliklari (aksiya, obligatsiya va boshqalar); chet el valyutasi bilan toʻlanadigan toʻlov hujjatlari (cheklar, veksellar, akkreditiv va boshqalar); har qanday koʻrinish va holatdagi qimmatbaho metallar — oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallar (palladiy, iridiy, radiy, ruteniy va osmiy), shunday metallardan yasalgan zargarlik va boshqa roʻzgʻor buyumlari hamda ularning rezgilari bundan mustasno; xom ashyo yoki ishlov berilgan holatdagi tabiiy qimmatbaho toshlar — olmos, yoqut, zumrad, sapfir, aleksandritlar, shuningdek marvaridlar, shunday toshlar hamda ularning rezgilaridan yasalgan zargarlik va boshqa roʻzgʻor buyumlari bundan mustasno.