Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash vaqtida sudlar ayblanuvchiga nisbatan qoʻllanilgan qamoqqa olish sifatidagi ehtiyot chorasining asosli ekanligini sinchiklab tekshirishlari, ayni vaqtda JPKning 242 , 243-moddalariga va Oliy sud Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi “Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarorida koʻrsatilgan tushuntirishlarga muvofiq bunday ehtiyot chorasi sudlanuvchining shaxsi, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi shuni taqozo etgan hollardagina qoʻllanishini nazarda tutishlari lozim. Voyaga yetmaganning qamoqqa olinishi asossiz deb topilgan hollarda sud darhol ehtiyot chorasini oʻzgartirishi lozim boʻladi.