Shuni nazarda tutish lozimki, JKning 87-moddasi 3-qismiga koʻra, voyaga yetmagan shaxs rivojlanishda oʻz yoshiga nisbatan ancha orqada qolgan boʻlsa va sodir etgan qilmishining ahamiyatini toʻla ravishda anglab yetmasa, sud jazo oʻrniga majburlov chorasi qoʻllash maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqishi shart. Sudlarga ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxslarga hamda ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni takroran sodir etgan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan JK 88-moddasida koʻrsatib oʻtilgan majburlov choralarini kengroq qoʻllanishi uqtirilsin. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxs agar, sodir etilgan qilmishining xususiyati, aybdorning shaxsi va ishning boshqa holatlarini eʼtiborga olib, sud uni jazo qoʻllamasdan turib ham tuzatish mumkin degan xulosaga kelsa, ishni koʻrish uchun tayinlash bosqichida ishni tugatish va uni bolalar masalalari boʻyicha komissiyada koʻrishga yuborish haqida ajrim chiqaradi. Jinoyat kodeksining 87-moddasining 2-qismida koʻrsatilgan asoslar bilan voyaga yetmaganni jazodan ozod etish va unga nisbatan shu kodeksning 88-moddasida koʻrsatilgan majburlov choralarini qoʻllash yuzasidan sud jazo tayinlamasdan turib jazodan ozod etish haqida hukm chiqaradi. Bunda sud hukmda majburlov chorasini qoʻllash yoki qoʻllamaslik toʻgʻrisida asoslantirilgan xulosasini koʻrsatishi shart. Voyaga yetmagan sudlanuvchining aqli norasoligidan dalolat beruvchi maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda, voyaga yetmaganning aqliy rivojlanishida ortda qolgani yoki ortda qolmagani haqidagi masalaga aniqlik kiritish uchun kompleks sud-ruhiyotshunoslik ekspertizasi tayinlanishi lozim. Mazkur masalalarning yechimi ekspertlar komissiyasi ixtiyoriga havola etilishi ham mumkin. Bunda voyaga yetmaganning aqliy rivojlanishi, uning yoshidan naqadar ortda qolganligi, aqli zaifligi qay darajada ekanligi haqidagi savollarga javob berish shart