Agar voyaga yetmagan shaxsning jinoyat sodir etishiga katta yoshdagilarning, shu jumladan ish yuzasidan jabrlanuvchi deb eʼtirof etilgan shaxslarning gʻayriqonuniy yoki yomon xulq-atvori sabab boʻlgan boʻlsa, sud bu holatni jazoni yengillashtiruvchi holat deb eʼtirof etishi, shuningdek, zarur holda qayd etilgan shaxslarning ish yoki yashash joylariga xususiy ajrim chiqarib muhokama qilishga yuborishi lozim. Jinoyat kodeksining 55-moddasi “g” bandiga koʻra jinoyatning jismoniy yoki ruhiy tazyiq oʻtkazilishi natijasida sodir etilishi, yoxud voyaga yetmagan shaxsning moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaramliligi sababli sodir etilishi javobgarlikni yengillashtiruvchi holat ekanligini ham nazarda tutish kerak. Shu munosabat bilan sudlar voyaga yetmagan shaxsga nisbatan aynan qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq oʻtkazilganligini aniqlashlari shart.