Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, umumiy ulushli mulk boʻlgan uydan ulushni asl holida ajratib berish (uyni boʻlish) mumkin emasligi umumiy ulushli mulk ishtirokchisining uydan foydalanish tartibini belgilab berish haqidagi talab bilan arz qilish huquqidan mahrum etmaydi. Bunday talabni hal etayotganda sudlar, uydan foydalanishning amalda shakllangan va umumiy mulkdagi ulushlarga batamom mutanosib kelmasligi ham mumkin boʻlgan tartibini, mulkdorlardan har birining uydan foydalanishga boʻlgan ehtiyojini hamda birgalikda foydalanishning real imkoniyatini inobatga olishlari zarur. Amalda uydan birgalikda foydalanishning imkoniyati boʻlmasa sud mulkdorga kompensatsiya toʻlash toʻgʻrisidagi masalani hal qilishi mumkin. Mulkdorga foydalanishi uchun kirish-chiqish yoʻli alohida, shuningdek alohida boʻlmagan yashash xonalari ajratib berilishi mumkin. Bunday holda, uyga nisbatan boʻlgan umumiy mulk huquqi tugatilmaydi. Yordamchi imoratlar va qurilmalar (pillapoyalar, yoʻlak-dahlizlar, isitkich asboblar va shu kabilar) umumiy foydalanishda qoldirilishi mumkin.