Uyga boʻlgan mulk huquqi bilan bogʻliq nizolar boʻyicha ishlarni tez va toʻgʻri hal etilishini taʼminlash maqsadida sudlar ishlarni sudda koʻrishga tayyorlash bosqichida daʼvoning predmeti va asosini oydinlashtirishi, nizoli huquqiy munosabatlarning xususiyatini hamda mazkur nizoli huquqiy munosabatga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonunni aniqlab olishlari zarur. Sud uyga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi dalillarni (qurilgan uyga boʻlgan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi, oldi-sotdi, hadya shartnomasi va shu kabilarni), uyning va yer uchastkasining rejasini taqdim etishni taraflarga taklif qilishi yoki oʻz tashabbusi bilan ularni talab qilib olishi lozim. Uydan ulush ajratib berish (uyni boʻlish), uyni qayta qurish va shu kabi ishlarni koʻrib hal etishda sud FPK 204-moddasi birinchi qismining 7-bandiga muvofiq, taraflarning fikrini inobatga olib, qurilish-texnika ekspertizasini tayinlash va mutaxassis jalb etish masalasini muhokama qiladi. FPK 49-moddasiga muvofiq zarur deb topilgan hollarda, uyga boʻlgan mulk huquqi haqidagi nizolar boʻyicha mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida hokimiyat jalb etilmogʻi lozim.