Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash haqidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 10-band. Pensiya tayinlash uchun birovning qaramogʻida boʻlganlik faktini belgilashda, vafot…

Pensiya tayinlash uchun birovning qaramogʻida boʻlganlik faktini belgilashda, vafot etganning qaramogʻida boʻlgan oila aʼzolari boquvchisining oʻlimi munosabati bilan pensiya olish huquqiga ega ekanliklarini nazarda tutish kerak (vafot etganning qaramogʻida boʻlgan-boʻlmaganligidan qatʼi nazar pensiya tayinlanadigan, frontda halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari, er-xotinlari va bolalari bundan mustasno). Pensiya qonunchiligi bilan oʻrnatilgan, boquvchisining vafot etganligi munosabati bilan pensiya olishga huquqi boʻlgan mehnatga layoqatsiz oila aʼzolarining doirasi qatʼiy va kengaytirilgan talqinga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuning uchun sudlar bu roʻyxatda koʻrsatilmagan shaxslardan birovning qaramogʻida boʻlganlik faktini belgilash haqidagi arizalarni qabul qilishga haqli emaslar. Qaramogʻida boʻlish muddati bu holatda ahamiyatsizdir. Oila aʼzolarining boshqa-boshqa yashashligi, arizachini boqishga majbur boʻlgan boshqa qarindoshlarining borligi, qaramogʻida boʻlganlik faktini istisno etmaydi. Sudlar meros qoldiruvchining qaramogʻida boʻlganlik faktini belgilashda Fuqarolik kodeksining 1139 , 1141-moddalari va Oliy sud Plenumining 2011-yil 20-iyuldagi “Sudlar tomonidan meros huquqiga oid qonunchilikning qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarorining 16-17-bandlarida bayon qilingan mehnatga qobiliyatsiz boqimlarining uch toifasi yuzasidan berilgan tushuntirishlarga amal qilishlari lozim. Bunda, meros qoldiruvchi bilan uning qaramogʻida boʻlgan shaxs oʻrtasida qarindoshlik munosabatlari bor-yoʻqligi ahamiyatga ega emas. Boquvchisini yoʻqotganligi munosabati bilan zararni undirish uchun birovning qaramogʻida boʻlganlik faktini belgilashda sudlar Fuqarolik kodeksining 1009-moddasiga muvofiq zararni undirib olishga boʻlgan huquq boquvchi bilan uning qaramogʻida boʻlgan shaxs oʻrtasidagi qarindoshlik munosabatiga ham, qaramoqda boʻlganlik muddatiga ham bogʻliq emasligini inobatga olishlari lozim.