FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 5-bandi va Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1944-yil 22-avgustdagi Farmoniga koʻra faktik nikoh munosabatlarida boʻlganlik fakti faqat bunday munosabatlar 1944-yil 8-iyulgacha vujudga kelgan boʻlsa va nikohni fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organida er-xotindan birining vafoti tufayli roʻyxatdan oʻtkazish mumkin boʻlmasagina belgilanadi. Yuqorida koʻrsatilgan vaqtdan keyin vujudga kelgan faktik nikoh munosabatlari yuridik oqibat keltirib chiqarmaydi va bunday faktlarni belgilash toʻgʻrisidagi arizalar sud tartibida koʻrishlik uchun qabul qilinmaydi. Agar er-xotindan biri 1944-yil 8-iyulgacha boshqa faktik nikohga kirgan yoki bir vaqtning oʻzida qonuniy nikohda boʻlgan boʻlsa, shuningdek, bu munosabatlar tomonlardan birining vafotiga qadarli tugatilgan boʻlsa, bunday faktlarni sud belgilashi mumkin emas. Sud majlisida nikoh munosabatlarining mavjudligini (birgalikda yashash, umumiy xoʻjalik yuritish, bolalarning borligi va ularni tarbiyalash va boshqalarni) isbotlovchi dalillar tekshiriladi. Faktik munosabatlarni haqiqatda boʻlgan deb topib, sud uni mazkur shaxslar oʻrtasida vujudga kelgan vaqti va ulardan birining vafot etgan kuniga qadar davom etganini aniqlaydi.