FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 8-bandiga muvofiq imoratga xususiy mulk huquqi asosida egalik qilish faktini aniqlash haqidagi ishlar tegishli davlat organi bunday faktni aniqlashni rad qilgan va huquq toʻgʻrisida nizo mavjud boʻlmasagina sudga taalluqlidir. Bunday ish boʻyicha sud egalik huquqini emas, balki imoratni arizachiga xususiy mulk huquqi asosida tegishli ekanligi faktini, arizachida oʻz vaqtida egalik huquqi toʻgʻrisidagi hujjat boʻlganligi, lekin ular yoʻqolgan va ularni tiklash imkoni boʻlmagan hollarda aniqlaydi. Qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshootga nisbatan xususiy mulk huquqi asosida egalik qilish fakti aniqlanmaydi. Qonunda belgilangan tartibda imoratga egalik huquqi roʻyxatdan oʻtkazganligi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlmasa, qurilgan imoratga egalik huquqi haqidagi masala sud tomonidan daʼvo ishi yuritish tartibida hal qilinadi. Foydalanishga qabul qilinmagan yoki boshqa shaxs nomiga roʻyxatga olingan yoxud qonun talab qiladigan shakl boʻyicha rasmiylashtirilmagan bitim asosida qoʻlga kiritilgan qurilmaga egalik huquqini belgilash haqidagi ariza ham sud tomonidan daʼvo ishi yuritish tartibida koʻrilishi lozim.