Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash haqidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 2-band. Sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda…

Sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 295-moddasida nazarda tutilgan sud tartibida aniqlanadigan yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlar roʻyxati tugal emasligini inobatga olishlari lozim. Sud yuridik ahamiyatga ega boʻlgan boshqa faktlarni ham, agar bu qonun bilan boshqa organning vakolatiga berilmagan boʻlsa, aniqlashga haqli. Xususan, sud: 1968-yil 1-oktabrgacha tugʻilgan bolalarga nisbatan otalikni tan olganlik, otalik va otalikni qayd qilish; ixtironi joriy etish, taklifni ratsionalizator sifatida tavsiflash; binoga, payga, avtomobilga va boshqa maxsus roʻyxatdan oʻtkaziladigan mulkka egalik qilish; sugʻurta guvohnomasining tegishliligi; fuqaroni yoki uning ota-onasining Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekiston Respublikasiga evakuatsiya qilinganligi; chet davlat fuqaroligida boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud boʻlmagan hollarda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaganligi faktini tasdiqlashi mumkin.