Qarindoshlik munosabatlari faktini belgilash haqidagi arizani qabul qilishda sudya fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yoʻqotilgan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklashini rad etganlik toʻgʻrisidagi xulosasini yoki arizachining yoxud ularga nisbatan ariza berilgan shaxslarning tugʻilganlik yoki nikoh haqidagi guvohnomasini olishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni albatta talab qilib olishi lozim. Agarda arizachi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan beriladigan guvohnomalarda familiyasi, ismi yoki otasining ismi notoʻgʻri yozilganligini koʻrsatib, qarindoshlik munosabatlari faktini belgilashni soʻrasa, sud bunday arizani yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni belgilash tartibida koʻrishga haqli emas, chunki talab mazmunan dalolatnoma yozuvidagi notoʻgʻriliklarni tuzatish zaruriyatidan iborat.