Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura idoralarining tizimi Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar, tumanlararo va boshqa hududiy prokuraturalardan iboratdir. Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura idoralarining tizimiga, shuningdek transport, harbiy, tabiat muhofazasi prokuraturalari va boshqa ixtisoslashtirilgan prokuraturalar ham kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan viloyatlar va tumanlar prokuraturalariga tenglashtirilgan boshqa prokuraturalar, tuman prokuraturalariga ega boʻlgan shaharlarda esa tuman prokuraturalari boʻysinadigan shahar prokuraturalari tuzilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tuziladigan transport, tabiat muhofazasi prokuraturalari, boshqa ixtisoslashtirilgan prokuraturalar viloyatlar, tumanlar prokuraturalari, tumanlararo prokuraturalar yoki shahar prokuraturalari vakolati bilan tashkil etiladi hamda faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekiston Respublikasi Xarbiy prokuraturasini tashkil etish va uning ish tartibi ushbu Qonun, boshqa qonun hujjatlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.