Viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga, ularga tenglashtirilgan prokuraturalarga tegishli prokurorlar boshchilik qiladilar, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tayinlanadigan va ozod etiladigan birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlari boʻladi. Viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarida, ularga tenglashtirilgan boshqa prokuraturalarda prokuraturaga boshchilik qiladigan prokuror (rais), uning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari va prokuratura idoralarining boshqa xodimlaridan iborat tarkibda hayʼat tuziladi. Hayʼatlarning shaxsiy tarkibini tegishli prokurorlarning taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tasdiqlaydi. Viloyatlar, Toshkent shahri prokuraturalarida va ularga tenglashtirilgan boshqa prokuraturalarda boshqarmalar va boʻlimlar tuzilib, ularning boshliqlari, shuningdek katta yordamchilar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar. Boshqarmalar va boʻlimlar boshliqlarining oʻrinbosarlari, yordamchilar, katta prokurorlar va prokurorlar, alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchilar, katta tergovchilar va tergovchilar tegishli prokuror tomonidan tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.