Qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari quyidagilardir: fond birjasi, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq fond boʻlimlarini tashkil etgan boshqa birjalar; qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi; qimmatli qogʻozlarning mulkdori yoki qimmatli qogʻozlarga boʻlgan mulkiy huquq egasi. Ushbu moddaning: birinchi qismi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari qimmatli qogʻozlar savdosini tashkil etish qoidalarini belgilaydi; birinchi qismi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari savdoni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etadi. Fond birjasi, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq fond boʻlimlarini tashkil etgan boshqa birjalar va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatni tegishli litsenziya asosida amalga oshiradi. Fond birjasining, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq fond boʻlimlarini tashkil etgan boshqa birjalarning aʼzolarini qimmatli qogʻozlar savdosida ishtirok etishga qoʻyish ularda investitsiya vositachisi yoki investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi sifatida qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya boʻlgan taqdirdagina amalga oshiriladi.