Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida 36-modda. Deponentning huquq va majburiyatlari

Deponent quyidagi huquqlarga ega: depozitariyda oʻz depo hisobvaragʻidagi qimmatli qogʻozlarni qonun hujjatlarida belgilangan doirada va tartibda tasarruf etish; depozitariyga oʻz depo hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berish (uchinchi shaxslar oldida majburiyatlar yuklatilgan qimmatli qogʻozlarni qimmatli qogʻozlarga majburiyatlar yuklatish tugaganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasdan oʻtkazishga doir farmoyish bundan mustasno), soʻrov kiritish, topshiriqlar bajarilganligi toʻgʻrisida hisobot talab qilish; oʻziga tegishli hujjatli qimmatli qogʻozlarni saqlash hamda hujjatli va hujjatsiz qimmatli qogʻozlarga boʻlgan mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni hisobga olishni depozitariyga topshirish; shartnoma shartlariga muvofiq oʻz depo hisobvaragʻining holati haqida koʻchirma olish va oʻz depo hisobvaragʻi boʻyicha depozitariy tomonidan oʻtkazilgan operatsiyalar toʻgʻrisida hisobot olish. Deponent qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Deponent: oʻz vakolatli shaxsining vakolatlari tugatilganligi yoki oʻzgartirilganligi toʻgʻrisida depozitariyga xabar qilishi; oʻz rekvizitlaridagi barcha oʻzgarishlar haqida depozitariyga bildirishi; depozitariyning yozma xabarlari toʻgʻriligini va toʻliqligini tekshirishi hamda aniqlangan noaniqliklar haqida depozitariyga oʻz vaqtida bildirishi shart. Qonun hujjatlariga muvofiq deponentning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.