Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi: qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqishi hamda investorlarning huquqlari buzilganligi faktlari aniqlangan taqdirda tekshiruvlar oʻtkazishi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni koʻrishi; davlat boshqaruvi organlaridan hamda qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilaridan investorlarning huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi, bundan axborotning uchinchi shaxslarga oshkor etilishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno; Emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarining yagona davlat reyestrini va qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining reyestrini yuritishi; oʻz vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslarning soʻrovlariga oʻttiz kun ichida asoslantirilgan javob berishi; qimmatli qogʻozlar bozorining holati va uning ishtirokchilari haqida jamoatchilikni xabardor qilishi shart. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.