Raqobat toʻgʻrisida 11-modda. Tovarning monopol yuqori narxi

Agar tovarni realizatsiya qilish narxi hamda uni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan xarajatlar oʻrtasidagi tafovut juda yuqori boʻlsa yoki tovarning sifatini pasaytirish hisobidan qoʻshimcha foyda olishga qaratilgan boʻlsa, tovarning tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan belgilanadigan narxi tovarning monopol yuqori narxidir. Tovarning narxi tovar-xomashyo birja savdolari yakunlariga koʻra shakllangan taqdirda, u monopol yuqori narx deb eʼtirof etilmaydi, bundan ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar ishtirokidagi hiyla-nayranglardan iborat harakatlar natijasida shakllangan narx mustasno. Mazkur moddaning talablari eksport narxlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Tovarning monopol yuqori narxi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.