Raqobat toʻgʻrisida 21-modda. Insofsiz raqobatni taqiqlash

Xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish, shu jumladan quyidagi harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi: raqobatchini obroʻsizlantirish, yaʼni raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi yoki uning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan, u sotuvga taklif qilayotgan tovarning sifati va isteʼmol xossalari toʻgʻrisida, mazkur tovarni tayyorlash hamda undan foydalanish usullari va sharoitlari haqida, undan foydalanishdan kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida, tovarning muayyan maqsadlarga yaroqliligi haqida, tovarni sotuvga taklif etish shartlari, shu jumladan uning narxi toʻgʻrisida yolgʻon, noaniq yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni tarqatish; notoʻgʻri taqqoslash, yaʼni raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi soʻzlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega boʻlgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini koʻrsatmagan holda foydalanib taqqoslash; tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, isteʼmol xossalari, narxi va sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida isteʼmolchilarni chalgʻitish; raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga boʻlgan mutlaq huquqini olish orqali avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovarning realizatsiya qilinishini cheklashga qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etish; tijorat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni, shu jumladan fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish; tovar yoki moliya bozoriga raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning kirishiga toʻsqinlik qilishga yoki uni bozordan chetlashtirishga olib keluvchi harakatlarni sodir etish.