Reklama, tarqatilish shakllaridan yoki vositalaridan qatʼi nazar, uni reklama sifatida identifikatsiya qilish mumkin boʻladigan tarzda boshqa axborotdan ajratilgan boʻlishi kerak. Mazkur talab uygʻunlashtirilgan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi. Televideniye va radiodagi reklama boshqa dasturlardan oʻzining boshlanishi va oxirida audio-, video-, aralash vositalar yoki boshlovchilarning sharhlari yordamida ajratib qoʻyilishi kerak. Bosma nashrlardagi reklama boshqa axborotdan “Reklama” degan soʻz koʻrsatilgan holda ajratilgan boʻlishi kerak. Reklama beruvchi tomonidan bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida eʼlon qilingan, tovarga qiziqishni shakllantirish va uni realizatsiya qilishga koʻmaklashish uchun tovarning muayyan markasiga (nomiga, modeliga, artikuliga) yoxud uni ishlab chiqaruvchiga reklamadan foydalanuvchilarning eʼtiborini atayin jalb etadigan yoki mazkur tovarni ishlab chiqaruvchi yoki tarqatuvchi shaxsning nashrga oid maʼlumotlarini (rekvizitlarini) oʻz ichiga olgan axborot materiali, mualliflik va tahririyat materiali reklama deb hisoblanadi hamda u “Reklama” rukni ostida joylashtirilgan boʻlishi kerak.