Reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi vakolatli davlat organi tomonidan aniqlangan taqdirda, qonunbuzar mazkur organning qaroriga binoan va u koʻrsatgan muddatda aksilreklamani amalga oshirishi shart. Aksilreklama ixtiyoriy ravishda yoki vakolatli davlat organining qarori yoxud sudning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin. Agar qonunbuzar aksilreklamani belgilangan muddatda amalga oshirmasa, vakolatli davlat organi qonunbuzarning reklamasini u aksilreklamani amalga oshirguniga qadar toʻliq yoki qisman toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga hamda bu haqda reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan shaxs bilan shartnoma tuzgan taraflarni xabardor qilishga haqlidir. Aksilreklama raddiya berilayotgan reklama qaysi reklama vositalarida amalga oshirilgan boʻlsa, ayni oʻsha reklama vositalarida, ayni oʻsha davomiylik, makon, joy va tartibdan foydalangan holda amalga oshiriladi. Aksilreklamaning mazmuni qonunbuzarlik holatini aniqlagan va uni tuzatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan vakolatli davlat organi bilan kelishiladi. Ayrim hollarda aksilreklama amalga oshiriladigan reklama vositasini, davomiylikni, joyni va tartibni ushbu organning qaroriga koʻra oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilishi mumkin; Aksilreklamani amalga oshirish bilan bogʻliq barcha xarajatlarning oʻrni qonunbuzar tomonidan qoplanadi.