Energetik ichimliklarning reklamasida, har bir holda, bunday ichimliklarni haddan ziyod isteʼmol qilishning zarari toʻgʻrisidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni isteʼmol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud boʻlishi kerak. Energetik ichimliklarning reklamasi: energetik ichimliklarni isteʼmol qilish jarayonlarini namoyish etmasligi; sportda yutuqlarga erishgan insonlarning tasvirini oʻz ichiga olmasligi; energetik ichimliklarni isteʼmol qilish reklamadan foydalanuvchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi kerak. Quyidagilar taqiqlanadi: soat 7.00 dan soat 22.00 ga qadar energetik ichimliklarni televideniye va radio orqali reklama qilish; tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) orqali energetik ichimliklarni reklama qilish; energetik ichimliklar namunalarini voyaga yetmaganlar oʻrtasida reklama qilish maqsadida bepul tarqatish; voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklarni reklama qilish; asosan voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalaniladigan boʻlsa; voyaga yetmaganlar orasida energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalanilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, oʻyinlarni va boshqalarni) tarqatish, shu jumladan sotish; asosan bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va taʼlim muassasalarida hamda tashkilotlarida energetik ichimliklarni reklama qilish; energetik ichimliklardan foydalanilgan holda ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazish.