Reklama toʻgʻrisida 38-modda. Alkogol mahsulotlarining reklamasi

Har qanday quvvatdagi alkogol mahsulotlarining reklamasiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu Qonunning 39-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno. Alkogol mahsulotlarini sotishni quyidagi yoʻllar orqali ragʻbatlantirish taqiqlanadi: alkogol mahsulotlari namunalarini bepul tarqatish; alkogol mahsulotlarining nomidan, tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalaniladigan tadbirlarga homiylik qilish; alkogol mahsulotlarining nomidan, tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalanilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, oʻyinlarni va boshqalarni), shuningdek bolalar oʻyinchoqlariga, shirinliklarga yoki bolalarga moʻljallangan boshqa tovarlarga oʻxshatib chiqarilgan alkogol mahsulotlarini tarqatish, shu jumladan sotish; boshqa har qanday turdagi ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazish. Boshqa har qanday tovarlar reklamasida alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilish jarayonini namoyish etishga, shuningdek ushbu jarayon reklamadan foydalanuvchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi.