Reklama toʻgʻrisida 39-modda. Pivoni, tabiiy va koʻpiklanadigan vinolarni reklama qilish

Pivoni, tabiiy va koʻpiklanadigan vinolarni reklama qilishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi: mehmonxonalarda, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining savdo zallarida, shuningdek bunday mahsulotlarni namoyish qilish va tatib koʻrish joylarida; pivoni, tabiiy va koʻpiklanadigan vinolarni ishlab chiqaruvchilarning hamda realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi shaxslarning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sahifalarida, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini koʻrsatgan holda; temir yoʻl va havo transporti vositalarida; televideniye va radio orqali mahalliy vaqt bilan soat 23.00 dan soat 07.00 ga qadar. Pivoning, tabiiy va koʻpiklanadigan vinolarning reklamasi: bunday mahsulotlarni haddan ziyod isteʼmol qilishning zarari haqida reklamaning asosiy maydoni va vaqtining kamida oʻn foizini tashkil qiluvchi ogohlantirish hamda ushbu mahsulotni isteʼmol qilishi tavsiya etilmaydigan shaxslar toʻgʻrisidagi axborot bilan birga berilishi; bunday mahsulotlarni isteʼmol qilish jarayonlarini namoyish etmasligi, bu jarayonlar ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishish yoki jismoniy va ruhiy holatni yaxshilash uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi; shaxsda ularni isteʼmol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi gʻoyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlardan iborat boʻlmasligi; unda inson obrazidan foydalanilmagan boʻlishi kerak. Pivoni, tabiiy va koʻpiklanadigan vinolarni reklama qilishda: ragʻbatlantiruvchi aksiyalar yoki shunga oʻxshash boshqa tadbirlar oʻtkazishga; madaniy-koʻngilochar, ommaviy va sport tadbirlariga homiylik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.