Reklama toʻgʻrisida 42-modda. Qimmatli qogʻozlarning va aholi mablagʻlarini jalb etish bilan bogʻliq xizmatlarning reklamasi

Qimmatli qogʻozlar va aholi mablagʻlarini jalb etish bilan bogʻliq xizmatlar (bank, sugʻurta xizmatlari va koʻrsatilishi litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishni talab qiladigan faoliyat bilan bogʻliq boshqa xizmatlar) yoki ushbu xizmatlarni koʻrsatuvchi shaxslar faqat shunday faoliyat turini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi tegishli litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat mavjud boʻlgan taqdirda reklama qilinishi mumkin. Qimmatli qogʻozlarning va aholi mablagʻlarini jalb etish bilan bogʻliq xizmatlarning (bundan bank omonatlari mustasno) yoki ushbu xizmatlarni koʻrsatuvchi shaxslarning reklamasida quyidagilar taqiqlanadi: reklama qilinayotgan xizmatlarga yoki qimmatli qogʻozlarga bevosita aloqasi boʻlmagan axborotni koʻrsatish; oddiy aksiyalar boʻyicha daromad olishni va dividendlar miqdorini kafolatlash; kutilayotgan daromad miqdorlari va istiqboldagi foyda (daromad) toʻgʻrisidagi axborotni maʼlum qilish; emissiyasi roʻyxatdan oʻtkazilmagan, shuningdek emissiyasi toʻxtatib turilgan yoki amalga oshmagan deb topilgan qimmatli qogʻozlarni reklama qilish. Qimmatli qogʻozlarning va aholi mablagʻlarini jalb etish bilan bogʻliq xizmatlarning (bundan bank omonatlari mustasno) yoki ushbu xizmatlarni koʻrsatuvchi shaxslarning reklamasida mazkur xizmatlardan foydalanish sarmoya yoʻqotilishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish boʻlishi kerak.