Reklama toʻgʻrisida 47-modda. Reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar

Reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar quyidagi miqdorlarda pul undirish (jarimalar) tarzida qoʻllaniladi: ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi yoki reklama qilinishi qonunchilikda taqiqlangan yoki cheklangan mahsulot toʻgʻrisida reklama tarqatganlik — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi; nomaqbul reklama berganlik, aksilreklamani berishni rad etganlik — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi; energetik ichimliklar, alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalari, pirotexnika vositalari, qurol va uning oʻq-dorilari, harbiy maqsaddagi mahsulotlar reklamasiga doir talablarni buzganlik, shuningdek tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibini buzganlik — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi; voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan reklamaga, dori vositalari, biologik faol va oziq-ovqat qoʻshimchalari, shuningdek bolalar oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga doir talablarni buzganlik — bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Reklamaga oid faoliyat subyektlari boʻlgan yuridik shaxslar reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik sohasidagi aniqlangan huquqbuzarliklardagi aybini tan olgan taqdirda moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi, nizo mavjud boʻlgan taqdirda esa moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi masala sud tartibida hal etiladi. Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash reklamaga oid faoliyat subyektlari boʻlgan yuridik shaxslarni vakolatli davlat organining qarorini yoki koʻrsatmasini bajarish yoxud reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.