Markaziy saylov komissiyasi ishining tashkiliy shakli uning majlislari boʻlib, ular zaruratga qarab oʻtkaziladi. Agar majlisda komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, majlis vakolatli hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ochiq ovoz berish orqali, komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlinib qolgan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi Raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasining majlislarida bayonnoma yuritilib, u raislik qiluvchi va Markaziy saylov komissiyasining kotibi tomonidan imzolanadi. Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari alohida fikr bildirishga haqli boʻlib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Markaziy saylov komissiyasi oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, qarorlar Markaziy saylov komissiyasining Raisi tomonidan imzolanadi. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari qabul qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida oʻsha kunning oʻzida, shuningdek zarur boʻlgan hollarda, boshqa manbalarda eʼlon qilinishi lozim. Markaziy saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar hamda boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.