Uchastka saylov komissiyasi tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh — oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Agar komissiya yetti nafargacha aʼzodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib tasdiqlanadi. Zarur boʻlgan hollarda, uchastka saylov komissiyasining son tarkibi belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan oʻzgartirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida uchastka saylov komissiyasi raisining vazifalarini ushbu vakolatxonalarning rahbari amalga oshiradi. Uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.