Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan davlat axborot resursidir. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, shuningdek saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi. Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki roʻyxatini oladi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki roʻyxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yoʻli bilan aniqlashtirish choralarini koʻradi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatini aniqlashtirish boʻyicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning roʻyxatlarini aniqlashtirish ishlariga koʻmaklashadi. Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari boʻyicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar roʻyxatlariga oʻzgartishlar kiritishi mumkin. Saylovchilarning roʻyxati har bir saylov uchastkasi boʻyicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan olingan saylovchilar roʻyxatlaridan foydalaniladi.