Partiya roʻyxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi. Partiya roʻyxatini roʻyxatga olish uchun tegishli hujjatlar siyosiy partiyaning vakolatli vakili tomonidan roʻyxatga olish muddati tugashiga kamida yetti kun qolgunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi. Partiya roʻyxatini belgilangan tartibda roʻyxatga olish saylovga oʻttiz besh kun qolganida tugallanadi. Partiya roʻyxatida nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami koʻrsatiladi. Partiya roʻyxati belgilangan tartibda roʻyxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda Markaziy saylov komissiyasi roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisidagi xabarni siyosiy partiyaning nomi, roʻyxatga olingan nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, egallab turgan lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyini koʻrsatgan holda eʼlon qiladi. Partiya roʻyxati belgilangan tartibda roʻyxatga olinganidan keyin, ushbu roʻyxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi. Roʻyxatga olingan partiya roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu Kodeksning 42¹-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.