Saylov kodeksi 43-modda. Nomzodning ishonchli vakillari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod oʻn besh nafarga qadar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod oʻn nafarga qadar, viloyat Kengashi deputatligiga nomzod besh nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch nafarga qadar ishonchli vakilga ega boʻlishga haqli, ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini oʻtkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan boʻladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi, Markaziy saylov komissiyasi ularga tegishli guvohnomalar beradi. Deputatlikka nomzod roʻyxatga olinganidan keyin ishonchli vakillarini oʻz xohishiga koʻra belgilaydi va ular haqida tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni roʻyxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi. Nomzod saylovga qadar oʻz ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qilgan holda istalgan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli. Ishonchli vakil saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas. Nomzodlar ishonchli vakillarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasidagi safar xarajatlari saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.