Saylov kodeksi 50-modda. Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni, xonalarni va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar

Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar tegishli tarzda jihozlanishi va quyidagilarga ega boʻlishi kerak: Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi (binoning ustida va ichida); Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi (binoning ichida); saylov uchastkasining tartib raqami koʻrsatilgan peshlavha; yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari; saylov qutilari; zarurat boʻlsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari; kuzatuvchilar uchun alohida joylar; saylov sanasiga bagʻishlangan plakatlar; saylov uchastkasining xaritasi; uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchiliklar jadvali haqidagi axborot; saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga taalluqli maʼlumotlar joylashtiriladigan maxsus stend; bir mandatli saylov okruglari boʻyicha roʻyxatga olingan barcha nomzodlarning Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan chop etilgan tarjimai holi va dasturlarining asosiy yoʻnalishlari; saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning Markaziy saylov komissiyasi tomonidan nashr qilingan dasturi, partiya roʻyxati; zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internet jahon axborot tarmogʻiga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega boʻlgan kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari); yongʻinga qarshi vositalar. Ovoz berish xonalari yorugʻ va keng boʻlishi, alohida kirish va chiqish joyi boʻlishi, shuningdek ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yoʻlkalar nazarda tutilgan boʻlishi lozim.