Saylov kodeksi 57-modda. Muddatidan oldin ovoz berish

Saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning eʼtiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi. Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida boʻla olmasligining sabablari (taʼtil, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) koʻrsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi. Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan toʻldiriladi. Saylovchi qaror qabul qiladi va toʻldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasining ikki nafar aʼzosining imzolari qoʻyilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.