Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikki nafardan ortiq nomzod ishtirok etayotgan boʻlsa va agar ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilardan yarmidan koʻpining ovozini olmagan boʻlsa, takroriy ovoz berish oʻtkaziladi, unda eng koʻp ovoz toʻplagan ikki nomzod ishtirok etadi. Markaziy saylov komissiyasi takroriy ovoz berish kunini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtkazilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida, lekin saylov oʻtkazilgan kundan kamida oʻn besh kun keyin oʻtkaziladigan qilib tayinlaydi. Takroriy ovoz berish oʻtkazilishi haqidagi xabar matbuotda eʼlon qilinadi. Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan koʻproq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.